T.N.Qori Niyoziy nomidagi O'zbekiston Pedagogika Fanlari Ilmiy Tadqiqot Instituti
14 Май, 2010-й.
Бошқалар
Toshmuhammad Niyozovich Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti 1929 yil 17 yanvarda tashkil etilgan. O’z faoliyatini 1929 yil 15 iyunda Respublika Maorif xalq komissarligi tasarrufida Samarqand shahrida boshlagan. 1931 yildan O’zbekiston poytaxti Toshkent shahrida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Keyinchalik institut Madaniy qurilish institutiga, 1934 yildan esa undan uch mustaqil institut – O’z FA Tilshunoslik va adabiyotshunoslik instituti, Madaniyat ishlari tasarrufidagi San'atshunoslik instituti, Respublika Maorif xalq komissarligi tasarrufida O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti ajralib chiqgan.
Institut Respublikaning Xalq ta'limi sohasidagi ehtiyoji, jamiyatning ijtimoiy buyurtmasiga binoan O’zbekiston maktablar ilmiy tadqiqot instituti (1939 yildan), 1941 yildan Respublika Maorif xalq komissarligining metodik boshqarmasi va nihoyat, 1946 yildan xozirgi nomi bilan faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Institut 1991 yildan buyon Fan va texnika davlat komitetining, 2003 yildan esa Fan va texnologiyalar Markazining grandtlari bo’yicha ajratilgan moliyaviy ta'minot bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
1967 yildan institutning Qoraqalpog’iston filiali tashkil etilib, bevosita region ta'limining dolzarb muammolarini tadbiq etib kelmoqda.
Institut tarkibida aspirantura (1960 yildan) va doktorantura (1994 yildan) bo’lib, u mamlakatimiz va qo’shni respublikalarni 13.00.01 - Pedagogika nazariyasi va tarixi hamda 13.00.02 - Ta'lim nazariyasi va metodikasi bo’yicha yuqori malakali ilmiy- pedagogik kadrlar bilan ta'minlab kelmoqda.
Institut huzurida faoliyat ko’rsatayotgan pedagogika nazariyasi va tarixi, xususiy metodika sohalari bo’yicha fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan kengash mavjud. 1998-2006 yillarda mazkur kengashda 170 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Ular orasida bugun mamlakatimiz pedagogika fani ravnaqiga munosib hissa qo’shib kelayotgan yuqori malakali mutaxassislar bor.
Institutning oliy organi uning ilmiy kengashi bo’lib, unda Fan va texnologiyalar markazining davlat buyurtmasini bajarish ishlari nazorat qilinib, muntazam tarzda loyiha rahbarlarining hisobotlari, shuningdek, Xalq ta'limi vazirligining buyurtmalarini ijrosi haqida ma'lumotlar eshitilib boriladi, institut xodimlari, aspirant va doktorantlari, ilmiy izlanuvchilarning dissertatsiya ishlarining mavzulari, monografiya, darslik, o’quv va metodik qo’llanmalar, turli maqomdagi ilmiy metodik ishlanmalari muhokama etib boriladi.
Institutda ta'lim mazmunini isloh qilish bo’yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda. Bevosita institut olimlari ishtirokida 1999-2001 yillarda umumiy o’rta ta'limning 23 akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining 16 sohasi bo’yicha Davlat ta'lim standartlari, maktabgacha yoshdagi bolalar ta'lim-tarbiyasiga qo’yiladigan davlat talablari ishlab chiqilgan. Mazkur standartlarni modernizatsiyalashtirish va hayotga tatbiq etish bo’yicha o’quv dasturlari, darslik va qo’llanmalar ishlab chiqishda, maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini bajarishda ham institut olimlari faollik ko’rsatmoqdalar.
Institutga turli yillarda sobiq Ittifoq Pedagogika Fanlari Akademiyasi akademiklari va muxbir a'zolari S.Rajabov, E.Qodirov, M.Hamroev, S.Shermuxamedov kabi xalq ta'limining taniqli tashkilotchilari va olimlari rahbarlik qilganlar. 2004 yildan buyon pedagogika fanlari oktori, professor R.X.Jo’raev institutda rahbarlik qilmoqda.
2006 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni muvofiqlashtirish kengashi Fan va texnologiyalar markazining davlat buyurtmasi asosida institutda 3 yo’nalish bo’yicha ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borildi hamda 2005 yilda samarali yakunlandi.
1. Maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umumilliy dasturi talablari asosida modernizatsiyalashtirilgan badiiy ta'lim mazmunini ishlab chiqishning didaktik asoslari (pedagogika fanlari nomzodi A.P.Sulaymonov).
2. Umumiy o’rta ta'lim maktablarida shaxsga yo’naltirilgan ta'lim va tarbiyaning ilmiy-pedagogik asoslari: Zamonaviy texnologiyalar roli muammosi (p.f.d. professor V.I.Andrianova)
3. Umumiy o’rta ta'lim maktablari o’quvchilarida g’oyaviy immunitetni shakllantirishning pedagogic asoslari (pedagogika fanlari doktori I.Q.Tolipov).
Hozirgi kunda va ta'lim tizimini takomillashtirishning pedagogik, psixologik muammolari yuzasidan istiqbolli tadqiqotlar loyihalari ustida maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Institut tarkibida "Pedagogika va psixologiya", "Umumiy o’rta ta'lim mazmuni prognostikasi", "Tabiiy fanlarni o’qitish nazariyasi va metodikasi", "Ijtimoiy gumanitar fanlarni o’qitish nazariyasi va metodikasi", "Ta'lim texnologiyalari va kasbga yo’llash", "Boshlang’ich ta'lim nazariyasi va metodikasi" bilimlari mavjud. Shuningdek, institut muassisligida "Xalq ta'limi", "Uzluksiz ta'lim", "Fizika, matematika va informatika" nomli ilmiy-metodik jurnallar nashr ettirilib, uning sahifalarida uzluksiz ta'limning konseptual-metodik muammolari, ta'lim mazmuni va metodikasini takomillashtirish yuzasidan materiallar e'lon qilib boriladi.
Institut manzili: 700027, Toshkent shahri, O’zbekiston ko’chasi, 98-uy.
7234