O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi “Mamlakatda ro’y berayotgan demokratik islohotlarning aniq natijalari to’g’risida milliy va xorijiy auditoriyani xabardorligini oshirish, so’z erkinligini va axborot olishni, OAV yanada liberallashtirishni ta`minlashga ko’maklashish” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun tanlov e`lon qildi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1. Mamlakatimiz Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar, Prezident va Hukumatning farmonlari va qarorlarining asosiy jihatlarini aholiga yetkazishning samarali innovatsion mexanizmlarini yaratish va ommaviy axborot vositalarida joriy qilish;

2. Qonunlarning ta`sir darajasi va aholi bilan muloqotning yangi usullarini, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi rolini yoritishning innovatsion mexanizmlarini ommaviy axborot vositalari faoliyatiga tatbiq etish;

3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini ochiqligini va oshkoraligini ta`minlash borasidagi ishlarda ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirish;

4. Qonun loyihalarining ekspert muhokamasini ommaviy axborot vositalarida tashkil etish, jumladan, maxsus tele va radio ko’rsatuv va eshittirishlar uyushtirish, internet va bosma maqolalar chop etish va boshqalar;

5. Iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy sohalarda, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan materilalarni ommaviy axborot vositalarida tayyorlash va chop etish;

6. O’zbekistonning tarixi, madaniyati va san`ati, buyuk shaxslari, respublikamizning turli sohalarida demokratik islohotlarning zamonaviy bosqichida erishilgan yutuqlar to’g’risidagi ma`lumotlarni chet tillarida tayyorlash va Internet tarmog’ining maxsus ensiklopedik (qomusiy) manbalariga joylashtirish;

7. O’zbekistonning turistik, madaniy-tarixiy, gastronomik, ekoturistik salohiyati, shuningdek ijtimoiy infratuzilmasi to’g’risida axborot va tahliliy ma`lumotlarni chet tillarida keng yoritishning yangi usullarini xorijda joriy etish, O’zbekistonga xorijiy sayyohlarni jalb etishga ko’maklashish;

8. O’zbekiston va mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy, ijtimoiy va inson salohiyati  haqida tahliliy ma`lumotlarni, roliklarni va boshqa ma`lumotlarni tayyorlash va efirga uzatish, ularni milliy va xorijiy yetakchi ommaviy axborot vositalarining saytlarga joylashtirish;
9. Xom-ashyo resurslarini qayta ishlash, qishloq joylarida ilg’or texnologiyalarni va yuqori intellektual salohiyatga ega ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqishni joriy etish sohalariga xorijiy davlatlarning real investitsiyalarini jalb etish uchun yaratilgan shart sharoitlar va imkoniyatlar to’g’risidagi axborotlarni xorijda keng tarqatish;

10. Zamonaviy O’zbekistonning tinchlik va barqarorlikni, fuqarolar totuvligini ta`minlash sohasidagi yutuqlari, mamlakatdagi bag’rikenglik tamoyillari, tarixiy va madaniy meros, aholining urf-odatlari va qadriyatlari to’g’risida axborot, tahliliy materiallar va yangiliklar bilan ta`minlash hamda ularni milliy va xorijiy media manbalarda tarqatish;

11. O’zbekistonda onalik va bolalikni himoya qilishga, barqaror rivojlanayotgan jamiyatning negizi bo’lmish oila institutini mustahkamlash masalalariga bag’ishlangan materiallarni xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarida tayyorlash va chop etish;

12. Sog’lom farzandlarni dunyoga kelishining muhim omili sifatida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga, bolalarning tug’ma kassalliklar va nuqsonlar bilan dunyoga kelishining oldini olish va profilaktikasiga bag’ishlangan materiallar tayyorlash hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida chop etish;

13. Yoshlar to’g’risidagi davlat siyosatini amalga oshirilishi, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish chora-tadbirlari, yoshlar orasida kitob o’qish madaniyatini shakllantirish va aholi keng qatlamlari o’rtasida targ’ib etish borasida materiallar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida yoritish;

14. Atrof-muhitni asrash, hududlardagi noyob turdagi o’simliklar, hayvonlar va qushlarni muhofaza qilish hamda ekologiya sohasida ijtimoiy muhim loyihalarni amalga oshirayotgan NNTlar faoliyatini OAVda yoritishni kuchaytirish hamda ekologik jurnalistikani rivojlantirish;

15. Mamlakat hududlarining turli sohalarda erishgan yutuqlarini va salohiyatini, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritadigan internet saytlarni yaratish va internet ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish;

16. Joylardagi davlat hokimiyati organlari, sanitariya epidemiologiya stansiyalari hamda boshqa manfaatdor davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda obod mahallalarning ilg’or amaliyotini o’rganish va ularning yutuqlarini boshqa mahallalarga targ’ib etish, “Ekologik o’rnak mahalla” tanlovini o’tkazish;

17. Ijtimoiy yetimlikni oldini olish, alohida ehtiyojmand bolalarni qo’llab-quvvatlash, ularni moslashuvi va bo’sh vaqtlarini sifatli tashkil etish, turli xildagi sport turlariga, fan, madaniyat va tasviriy san`atga jalb etish;

18. Bolalar uylarida ota-ona qarovisiz qolgan yetim qiz bolalarni oilaviy hayotga tayyorlash sohasida hayotiy ko’nikmalarini shakllantirishga oid tadbirlarni tashkil etish va o’tkazish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;

2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to’ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;

3. Oxirgi o’zgartish va qo’shimchalar bilan davlat ro’yxatidan o’tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;

4. Tashkilotning davlat ro’yxatidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnoma nusxasi;

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 million so’mgacha.

Hujjatlar 2017 yil 27 fevraldan 3 aprelgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi” nomiga “O’zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo’yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko’chasi, 1-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma`lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64.