O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining davlat va jamiyat rivojidagi o'rni va ahamiyati, ma'no-mazmuni hamda mohiyatini yoshlar o'rtasida targ'ib etish, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo'lishiga ko'maklashish maqsadida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O'rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi bilan hamkorlikda «Siz qonunni bilasizmi?» ko'rik-tanlovi tashkil etib kelinmoqda. An'anaviy tarzda 1997 yidan buyon o'tkazilinayotgan mazkur ko'rik-tanlov bugungi kunda Respublikadagi o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o'quvchilarining milliy ko'rik-tanloviga aylanib ulgurdi. "Siz qonunni bilasizmi?" ko'rik-tanlovi 2009-2010 o'quv yilida mamlakatimizdagi 1500 dan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga kirib borib, 30 ming nafardan ortiq o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o'quvchi-yoshlarini qamrab oldi. Ko'rik-tanlovning Respublika final bosqichi 2010 yil 27 aprel kuni Navoiy shahrida o'tkazildi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan g'oliblikni qo'lga kiritgan va ko'rik-tanlovning Respublika bosqichiga yo'llanma olgan 14 ta jamoaning 150 nafar ishtirokchisi 4 shart bo'yicha o'zaro kuch sinashdilar. Ko'rik-tanlov davlatimiz tomonidan olib borilayotgan demokratik siyosatning amaliy natijalari, yoshlarimizga yaratib berilgan imkoniyatlar va ushbu imkoniyatlardan ongli ravishda foydalanish, shuningdek, yoshlarning bo'sh vaqtlarini unumli o'tkazish va turli xil noqonuniy oqimlar girdobiga tushib qolmasliklarining oldini olishda katta kuch bo'lib xizmat qiladi. Ushbu tanlovda ishtirok etayotgan o'quvchi-yoshlar kelajakda huquqiy sohaga yo'naltirilgan oliy o'quv yurtlarida o'z bilimlarini yanada oshirib, yetuk huquqshunos kadr sifatida jamiyatda adolat va odil sudlovni ta'minlashda ulkan hissalarini qo'shadilar degan umiddamiz. manba: kamolot.uz