Respublika Fan Olimpiadasi o’z ishini 26 may kuni Toshkеnt davlat tеxnika univеrsitеti qoshidagi kompyuter texnologiyalari akademik litseyida tantanali ochilish marosimi bilan boshladi. Fan olimpiadasi ishtirokchilari kuchli hayajon va g’olib bo’lishga bo’lgan intilish tuyg’ulari tanlovning naqadar shijoat bilan o’tishidan darak beradi.
Mamlakatimiz kelajagi bo’lmish yoshlarning ilmiy salohiyatini baholovchi an’anaviy fan olimpiadasi o’quvchi va talaba yoshlarni kelgusida ilm olishga bo’lgan ishtiyoqlarinii yanada orttirsa ajab emas. Zero mazkur musobaqa yangi nomlarni kashf etish va rag'batlantirish imkonin bermoqda.
Rеspublika olimpiasining IV bosqichida jami 605 nafar, jumladan umumta’lim maktablarining 256 (42%) nafar hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining 349 (58%) nafar o’quvchilari ishtirok etmoqda. 27 may kuni qozoq tili, fransuz tili, nemis tili, matematika, informatika va EHM, chizmachilik, tarix, o’zbek tili va adabiyoti, shuningdek, ingliz tili, tojik tili, huquqshunoslik fanlaridan yozma imtihon bosqichi o’tkazildi. Yozma ish javoblari xolisona baholangan tarzda ishtirokchilarga 28 may kuni e’lon qilindi. Aytib o'tish joizki, o’quvchilar bilimini baholash uchun Tashkiliy qo’mita tomonidan har bir fan bo’yicha 5-7 nafardan iborat tajribali oliy ta’lim muassasalarining profеssor-o’qituvchilari, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi hamda umumta’lim maktablari o’qituvchilaridan hakamlar hay’ati va apеllyatsiya komissiyalari tarkibi tashkil etilgan. 28 may kuni III bosqichdan saralangan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o’quvchilari uchun barcha fanlardan test imtihonlari bo’lib o’tadi. Respublika Fan Olimpiadasining IV bosqichi ertaga 29 may kuni g’oliblarni taqdirlash marosimi bilan o’z ishini yakunlaydi.
Gulhayo Qobilova