Milliy o‘yinchoqlar tanlovi
14 Май, 2010-й.
Бошқалар
Poytaxtimizda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bolalarning tafakkurini rivojlantirishga yo‘naltirilgan milliy o‘yinchoqlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
«Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda ushbu ko‘rikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan qirqdan ziyod maktabgacha ta’lim maskanlarining pedagogik jamoasi ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Doniyorov, Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi direktori V.Karimova yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kamoloti va istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.
Sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida 500 mingdan ortiq kichkintoyni qamrab olgan 6 mingdan ziyod maktabgacha ta’lim maskanining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, tarbiyachi-pedagoglarning kasb mahoratini oshirish, mehnatini e’zozlash, o‘quv-tarbiyaviy ishlarni zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda bolalarning axloqi, ongu tafakkuri, bilim va ko‘nikmalarini to‘g‘ri shakllantirishda milliy o‘yin va o‘yinchoqlar asosida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish, maktabgacha ta’lim dargohlarini sifatli, mahalliy xomashyodan tayyorlangan, ekologik xavfsiz, pedagogik-psixologik, sanitariya-gigiyena, badiiy dizayn talablariga to‘liq javob beruvchi o‘yinchoqlar bilan ta’minlash, bunda tarbiyachi-pedagoglar, uslubchilarning bilim va ko‘nikmasini oshirish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda tashkil etilgan tanlovning yakuniy bosqichida yurtimizning qirqdan ortiq maktabgacha ta’lim maskani tarbiyachi-pedagoglar jamoasi uch yuzga yaqin o‘yinchoq bilan ishtirok etdi.
Mamlakatimizning o‘n oltita maktabgacha ta’lim maskani turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi. Ular orasida «Voqeaviy o‘yinlar» nominatsiyasi sovrindori – Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi 38-maktabgacha ta’lim maskanining tarbiyachi-pedagoglar jamoasi ham bor. Tarbiya dargohi mudirasi Rohila Kozimovaning ta’kidlashicha, ular taqdim etgan «Bizning oila», «Mehmon-mehmon», «Quvnoq poyezdcha» kabi turkum o‘yinchoqlar bolalarda oila a’zolari, milliy qadriyatlar, an’analar, atrof-muhit orqali vatanparvarlik, mehr-oqibat, o‘zaro do‘stlik va ahillik singari ezgu fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tanlov doirasida milliy o‘yinchoqlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ularda namoyish etilayotgan o‘yinchoqlar yalpi ishlab chiqarishga tavsiya etiladi.
manba: uza.uz
5176