Poytaxtimizda “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi va “Osiyo ramzi” modelyerlar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Bolajonlar-shirintoylar – 2010” bolalar liboslari festivali bo‘lib o‘tdi. Unda ellikka yaqin dizayner va modelyer yangi to‘plamlarini namoyish etdi. Yurtimizda to‘qimachilik va yengil sanoatni izchil ravnaq toptirish jarayonida bolalar uchun mahalliy xomashyo asosida qulay va yengil, milliy va jahon modasining eng yaxshi an’analarini uyg‘unlashtirgan kiyim-kechaklar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekison madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasining yirik madaniy-ma’rifiy loyihasi bo‘lgan “Bolajonlar-shirintoylar” festivalida ham mahalliy xomashyo, milliy matolar asosida o‘g‘il-qizlarning yoshi, dunyoqarashi, ruhiyatiga mos liboslarni yaratish, bu yo‘nalishda izlanayotgan dizayner va modelyerlar, rassomlar faoliyatini qo‘llab-quvvalash, ijodini xalqimiz va keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirishga asosiy e’tibor qaratildi. Festival sohada yangi nomlarni kashf etish, bolalar liboslarini yaratuvchilar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, bolalar modasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Festivalda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari bilan birga “Kolibri” art byurosi, “Paradise”, “Vabu Style” moda maktablari, “Eski shahar” bolalar ijodiyoti markazi kabi maskanlarda yaratilgan bolalar kiyimlari to‘plamlari namoyish etildi. Barkamol avlod yilida o‘tkazilgan ushbu festivalda bolalar uchun sportning ko‘plab turlari bo‘yicha yaratilgan kiyimlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. – Festivalda birinchi marta qatnashyapman, – deydi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabasi Muxlisa Tillayeva. – Unga “Boychechak” nomli turkum liboslarni tayyorladim. Ushbu ma’rifiy tadbirda bolalar modasiga oid zarur ma’lumotlar, yangiliklarni oldim, sohada erishilgan yutuqlar bilan tanishdim, mohir dizaynerlar maslahatidan bahramand bo‘ldim. Ikki kun davom etgan festivalda modelyer va dizaynerlar ijodiga bag‘ishlangan ko‘rik, yangi kiyimlar namoyishi, model va eskizlar tanlovi, bolalar liboslarini loyihalashtirish va yaratishning o‘ziga xosliklariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman, milliy qo‘g‘irchoqlar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Festival yakuniga ko‘ra yosh dizaynerlar – Malika Sayfullayeva “Bitiruv oqshomi”, Olga Yaikova “Toshkent ko‘chalari”, Mohinur Yusupova “Ko‘rkam liboslar”, Alisher G‘iyosov “Sport uslubi”, Zarina Qodirova “Bo‘lajak ona”, Yulduz Xudoyberdiyeva “Milliy matolardan foydalanish”, Nodira Rixsiyeva “Milliy uslub”, Aziza Izomova “Yosh dizayner”, Mastura Bahodirova “Yozgi hordiq”, Diyora Karimova “Sport liboslari” kabi yo‘nalishlarda g‘olib deb topildi.
manba: uza.uz