Yunusobod tumanidagi 272-maktabda maftunkor tabiat shaydolari - biologiya fani bilimdonlari dars o`tishdi. Ayni vaqtda o`quvchilarning ishtirokchi tomonidan berilgan mavzu bo`yicha o`zlashtirish darajasini aniqlash uchun test topshiriqlari ham bajarildi. Deyarli barcha darslar ko`rgazmali qurol va texnika vositalari, AKT, didaktik materiallardan foydalangan holda o`tilgani uchun o`quvchilar va hay'at a'zolariga manzur bo`ldi. - Farg`ona shahridagi 30-maktab o`qituvchisi Navbahor Yusufjonovaning 7-sinfda o`tgan "Parrandalar" mavzusiga oid darsi ko`rgazmali qurol va interfaol usullarga boyligi bilan ajralib turdi, - deydi hakamlar hay'ati a'zosi, Yunusobod tumanidagi 63-maktab o`qituvchisi Mansurjon Ibrohimov. - Serharakat, ijodkor bu ustoz ho`l preparat va mulyajlardan foydalandi, darsini boshqa fanlar bilan bog`ladi. Yakkabog` tumanidagi 40-maktab o`qituvchisi Fotima Jumaevaning "Er osti poyalari, ularning o`sishi va inson hayotidagi ahamiyati", ¢allaorol tumanidagi44-maktab o`qituvchisi Nasiba Shodmonqulovaning "O`simlik va hayvon hujayralarining o`xshashligi hamda farqlari", Beruniy tumanidagi 27-maktab o`qituvchisi Yangiljon Rahmonovaning "Gulli o`simliklarning hayotiy shakllari" mavzusidagi darslari serquyosh O`zbekistonning o`simlik va hayvonot olamiga mehr uyg`otgani, ularni asrab-avaylashga undagani bilan ahamiyatlidir.Ko`rik-tanlovda ishtirok etayotgan har bir o`qituvchi nafaqat dars jarayonida, balki mutaxassisligi bo`yicha nazariy (sirtqi) tanlovga tayyorlab taqdim etgan ishlari: dars ishlanmasi, videotaqdimot, ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirishga oid konsepsiyasi bilan ham o`z faoliyatini ko`rsatib bera oldi. Annotasiya yozish shartida esa ishtirokchilar "Botanika", "Zoologiya", "Odam va uning salomatligi", "Biologiya (sitologiya va genetika asoslari)" kabi darsliklardan biriga taqriz yozishdi.- Bu turda ishtirokchilarning darslik mazmuni bo`yicha DTS va o`quv dasturi asosida to`g`ri fikr bildirgani, mavzularning fanlararo aloqalarini talqin eta olgani, darslikni takomillashtirish yuzasidan o`z takliflarini ifodalay bilgani inobatga olindi, - deydi hay'at a'zosi, Avloniy nomidagi XTXQTMOMI dosenti Malohat Ergasheva. - Ana shu talablar bo`yicha andijonlik 45-maktab o`qituvchisi Barno Muxtorova, navoiylik 12-maktab o`qituvchisi Dilbar Hojieva, gulistonlik 15-maktab o`qituvchisi Yulduz Mamatqulova yozgan annotasiyalar yuqori baholandi. Xiva tumanidagi 56-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat o`qituvchisi Sharipboy Xudoyberganovning "Odobdan falak nur olar" mavzusidagi viktorina o`yini ishlanmasi esa tafakkur va aqlni charxlashga qaratilgani, so`zlarning kelib chiqish tarixini o`rganishga yo`naltirilgani bilan e'tiborni tortdi. Bugun esa ko`rik-tanlov ishtirokchilari 5-tur: sahna ko`rinishi va pedagogik ringda o`z ish tajribalarining taqdimotini o`tkazib, fan, metod hamda milliy istiqlol g`oyasiga oid so`zlar asosida mavzuni yoritib berish borasida o`z mahoratlarini namoyish etishmoqda. manba: uzedu.uz