O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 2018-2019-yillar davomida yaratiladigan, yurtdoshlarimiz qalbida yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalashga, mustaqilligimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan, odamlarni halol yashash va mehnat qilishga da’vat etadigan tarixiy va zamonaviy mavzulardagi badiiy yetuk she’riy, nasriy, dramatik, badiiy-publitsistik asarlar uchun tanlov e’lon qiladi. Bu haqda uyushmaning rasmiy sayti xabar qilgan.
Tanlovga taqdim etiladigan asarlarda:
– yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish yo‘lida erishilgan yutuq va natijalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va ahamiyati, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi tub o‘zgarishlar;
– mustaqilligimizning xalqimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi, boy ma’naviy merosimiz va milliy qadriyatlarimizning hayotdagi o‘rni va ahamiyati;
– yurtimizda tug‘ilib voyaga yetgan buyuk tarixiy shaxslar, shoir va allomalar hamda xalq qahramonlarining hayoti va faoliyati, olamshumul ma’naviy merosi;
– Vatanimiz mustaqilligi yo‘lida kurashgan fidoyi insonlar, qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ibratli hayoti, ayni kunda harbiy sohada jonbozlik ko‘rsatib xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning hayotda erishayotgan natijalari;
– yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklar, tadribkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlarning xalqimiz hayotidagi ulkan ahamiyati;
– respublikamizda diniy qadriyatlarning ulug‘lanishi, jumladan, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasining barpo etilishi bilan bog‘liq jarayonlar va boshqa masalalar chuqur hayotiy ruhda, yuqori badiiy saviyada aks ettirilishi lozim.
Tanlovda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari bilan qatorda barcha yurtdoshlarimiz ishtirok etishi mumkin.
Tanlovni 2018-2019-yillarda ikki bosqichli tartibda o‘tkazish rejalashtirilgan. Jumladan, 1-bosqichda asarlar joriy yil 1-noyabrgacha, 2-bosqichda 2019-yil 1-noyabrgacha qabul qilinadi.
Taniqli ijodkorlardan iborat hakamlar hay’ati tanlovga taqdim etilgan asarlarni o‘qib, baholab boradi. G‘olib deb topilgan asarlar Yozuvchilar uyushmasi muassisligidagi adabiy nashrlarda hamda “Ijod” jamoat fondi homiyligida kitob holida chop etiladi. Mualliflarga esa imtiyozli qalam haqi to‘lanadi.
Tanlovga asarlar ikki nusxada (kompyuterda Times New Roman shriftida, 1,5 intervalda ko‘chirilgan) hamda ularning elektron nusxasi taqdim etilishi lozim.
Murojaat uchun manzil: Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 16-a uy. Telefonlar: 239-27-88; 239-26-91, 227-08-27; Faks: 245-66-95.
Batafsil SHU YERDA tanishing.