O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda mamlakatimiz Sambo federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan chempionat sportchilarimizning xalqaro tajribasi, mahorati va malakasini oshirish, iqtidorli polvonlarni aniqlash va ularni nufuzli musobaqalarga tayyorlash maqsadida tashkil etildi.
Musobaqaning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportning barcha turlarini, jumladan, samboni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
«Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida to‘rt kun davom etadigan Osiyo ochiq chempionatida O‘zbekiston, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Afg‘oniston, Eron, Suriya, Iroq, Malayziya, Singapur, Mo‘g‘uliston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi yigirmaga yaqin davlatdan 500 sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
Musobaqaning birinchi kuni kattalar o‘rtasida dastlabki g‘oliblar aniqlandi. 52 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Shavkat Jo‘rayev rossiyalik Eduard Javkin va qozog‘istonlik Eduard Safarovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Xotin-qizlar bahsida Dildora Ubaydullayeva va O‘g‘iljon Ro‘zmetova o‘z vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi. Manba:www.uza.uz Gulhayo Qobilova