Har yili O’zbekiston Oliy o’quv yurtlari talabalari orasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turli konkurs va tanlovlar o’tkazish yaxshi an’anaga aylangan.Shunday tanlovlardan biri “Yapon tili notiqlik san’ati” konkursidir.Mazkur tanlov har yili O’zbekiston yapon tili o’qituvchilari Assossiatsiyasi, Xalqaro Yapon fondi, Yaponiyaning O’zbekistondagi elchixonasi va O’zbek-Yapon markazi hamkorligida tashkil qilinadi.Konkurs quyidagi bosqichlar bo’yicha o’tkaziladi: 1. Ishtirokchi tahsil olayotgan Oliy o’quv yurti yoki markaz miqyosida 2. Respublika miqyosida 3. O’rta Osiyo davlatlari miqyosida
Bu yil 18-marta “Yapon tili notiqlik san’ati” konkursi 28 mart kuni Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti binosida bo’lib o’tdi.Tanlov Yaponiyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining ishonchli vakili janob Uchida Kazuhiko, Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti rektori Safarov Sh.S. va tashkiliy ishlarga mas’ul shaxs Achilova Ozodalarning nutqi bilan ochildi.Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki,tanlovda O’zbekistonning nufuzli Oliy o’quv yurtlari talabalari, jumladan Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universiteti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti, Toshkent Davlat Yuridik Instituti, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti, O’zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti, Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti, shuningdek Noryoku gakkou, O’zbek-Yapon Markazi va yana bir qator markazlar vakillari ishtirok etishdi.Oldingi yillardan farqli ravishda ilk bor yuridik sohaga ixtisoslashtirilgan yapon tili o’qitish markazidan ham vakillar qatnashdi. Tanlovda jami 20 ishtirokchi tomonidan o’z insholari ifodali so’zlab berildi.Nutq so’ngida notiqlarga hakamlar tomonidan mavzuga oid savollar berildi.Insholar juda betakror va original mavzularda yozilgan bo’lib, ular orasidan g’oliblarni aniqlash qiyin kechdi.Hakamlar keyingi bosqichga yo’l olish huquqiga quyidagi 3 ishtirokchini loyiq deb topishdi: 1. Raxmatov Sanjar(Toshkent Davlat Yuridik Instituti talabasi). Insho mavzusi: “Qalbaki Do’stlik” 2. Matyakubov Bobomurod (Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti talabasi). Insho mavzusi: “Hozirda 100 marta “laylak”deyishga ham tayyorman” 3. Ochilov Alisher (Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti). Insho mavzusi: “Ota-bola va eshak” G’oliblar va ishtirokchilar Yaponiyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining ishonchli vakili janob Uchida Kazuhiko tomonidan sertifikat va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.
Matnda Yaponiyaning O’zbekistondagi elchixonasi web-sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.
Gulhayo Qobilova.