Urganch shahrida an’anaviy “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida ona Vatanga muhabbat va sadoqat hissini kuchaytirish, texnik-amaliy sport turlarini rivojlantirish, yigitlarni harbiy xizmatga tayyorlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqada o‘n besh jamoa o‘zaro bellashdi. Safda yurish va saf qo‘shig‘i bahslarida Gurlan qurilish va transport kasb-hunar kollejining «Jaloliddin Manguberdi» hamda Shovot maishiy xizmat kasb-hunar kollejining «Lochin» jamoalari peshqadamlik qildi. Granata uloqtirish shartida Hazorasp maishiy xizmat va tadbirkorlik kollejining «Yo‘lbarslar» jamoasi a’zosi Furqatbek Soliyev, turnikka tortilish bo‘yicha Urganch davlat universiteti qoshidagi akademik litseyning «Alplar» jamoasi a’zosi Fazliddin Nizomiddinov g‘olib chiqdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, Gurlan tumanining «Jaloliddin Manguberdi» jamoasi birinchi, Hazorasp tumanining «Yo‘lbarslar» hamda Shovot tumanidan «Lochin» jamoalari keyingi o‘rinlarni egalladi.
manba: uza.uz