Qayerda: Janubiy Koreya

Kim uchun: Bakalavr bosqichini tugatganlar uchun (bu dasturning bakalavrlarga mo’ljallangan qismi ham mavjud. Biroq ushbu maqola dasturning faqat bakalavrni tugatganlar uchun mo’ljallangan qismini qamrab oladi)

Hujjat topshirish muddati: Har yili fevral oyi o’rtalarida boshlanib, mart oyi o’rtalarida tugaydi

Umumiy ma’lumot:

Janubiy Koreya hukumatining stipendiya dasturi Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy instituti tomonidan xorijiy talabalarning Koreyada bakalavrdan keying bosqichda grant asosida o’qishini ta’minlash va shu orqali ta’lim hamda ijtimoiy sohada Koreyaning boshqa davlatlar bilan hamkorligi va ikki tomonlama aloqalarini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan.

Qabul soni: Har yili dunyoning turli davlatlaridan 600-670 nafar talaba ushbu dasturga qabul qilinadi.

Dastur davomiyligi:

  • Magistrlik darajasi dasturi davomiyligi – 3 yil. 1-yil koreys tili o’qitiladi va qolgan ikki yil magistrlik darajasini olish uchun o’qiladi.
  • Doktorantura darajasi dasturi davomiyligi – 4 yil davom etadi. 1-yil koreys tili o’qitiladi va qolgan uch yil doktorlik darajasini olish uchun o’qiladi.
  • Tadqiqot dasturi davomiyligi – 6 oy.

Iqtisodiy ta’minoti:

Magistrlik va doktorlik darajasi dasturiga qabul qilinganlar quyidagi iqtisodiy ta’minotlar bilan ta’minlanadi:

  • Dastur boshlanganida va tugaganida Koreyaga borish hamda Koreyadan qaytish xarajatlari qoplanadi.
  • Koreyaga yetib borganda joylashib olish uchun bir martalik to’lov beriladi. Miqdori – 200.000 Koreya voni (bugungi kurs bilan 177 AQSh dollari).
  • Universitetning kontrak to’lovi to’lab beriladi.
  • 900.000 Koreya voni (800 AQSh dollari) miqdoridagi oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.
  • Tibbiy sug’urta, yozilgan dissertatsiyani chop qilish xarajatlari qoplanadi.
  • Koreys tilini bilish darajasi granti. Miqdori – har oy 100.000 Koreya voni (89 AQSh dollari). Ushbu grant TOPIK da 5- yoki 6-darajaga ega bo’lgan talabalarga beriladi.
  • Dasturni tugatganlik uchun beriladigan bir martalik to’lov. Miqdori – 200.000 Koreya voni (177 AQSh dollari). Ushbu to’lov dastur tugaganidan so’ng o’z vataniga qaytayotgan talabalarga beriladi. Koreyada qoluvchilarga berilmaydi.

Shuningdek, 6 oylik tadqiqotchi talaba bo’lib borgan kandidat 1.500.000 Koreya voni (1341 AQSh dollari) miqdoridagi oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.

Dasturda qatnashish uchun belgilangan shartlar:

  1. Fuqarolik. Kandidat va uning ota-onadi Koreya fuqarosi bo’lmasligi lozim. Shuningdek, ikki fuqarolikka ega va ularning biri Koreya fuqaroligi bo’lgan talabgorlar ushbu dasturda qatnasha olmaydi.
  2. Yosh. Kandidat 40 yoshdan oshmagan bo’lishi kerak. Biroq, ariza topshirayotgan paytida professor bo’lib ishlayotganlar yoki belgilangan davlatlarning fuqarolari (belgilangan davlatlar ro’yxatida O’zbekiston ham bor) uchun ariza topshirish yoshi 45 yosh hisoblanadi.
  3. Ilmiy daraja. Kandidat bakalavr yoki magistrlik diplomiga yoxud ushbu darajani o’rnini bosuvchi diplom/sertifikatga ega bo’lishi lozim..
  4. Baholar. Kandidatning umumiy o’rtacha o’zlashtirish darajasi: 4 lik tizimda 2.64 dan; 4.3 lik tizimda 2.80 dan; 4.5 lik tizimda 2.91 dan; 5 lik tizimda 3.23 dan va 100 foizlik tizimda 80 foizdan kam bo’lmasligi kerak.
  5. Sog’lik. Kandidat ruhiy va jismoniy jihatda sog’lom bo’lishi kerak.
  6. Taqiqlar. Avvalgi yillarda suhbu dasturga qabul qilingan, biroq dasturda o’qishni rad etgan kandidatlar hujjat topshira olmaydi.
  7. Dasturda qatnashish huquqini qo’lga kiritishda yordam beruvchi omillar. 1) koreys (TOPIK) yoki ingliz (TOEFL, TOEIC, IELTS) tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega ekanlik; 2) tabiiy fanlar, texnologiya va injeneriya sohasida o’qishni tanlaganlik kandidatlarni saralayotganda hisobga olinadi (ijobiy ma’noda).

Barcha hujjatlar koreys yoki ingliz tilida bo’lishi lozim. Hujjatlar kandidat davlatidagi Koreya elchixonasiga yoki ushbu dastur bo’yicha talaba qabul qilish huquqi berilgan universitetga topshiriladi.

Hujjat topshirish muddatlari:

Hujjat topshirish muddatlari turli davlatlardagi Koreya elchixonalari va Koreya universitetlari tomonidan belgilanadi. Shu sababli, kandidat qaysi davlat fuqarosi yoki qaysi Koreya universitetiga topshirayotganligiga qarab, hujjat topshirish muddatlarini elchixona/universitet bilan bog’lanib, o’zi aniqlab olishi lozim.

Ta’lim olish uchun tanlanishi mumkin bo’lgan sohalar:

Kandidat ushbu dastur bo’yicha talaba qabul qilish huquqiga ega bo’lgan Koreya universitetlarida (bunday universtitetlar soni 66 ta) mavjud bo’lgan sohalardan birini tanlashi mumkin. Shuningdek, agar kandidat hujjatlarini Koreya elchixonasiga topshirayotgan bo’lsa, o’zi uchun 3 tagacha universitet tanlashi mumkin. Keyinchalik aynan qaysi universitetda o’qishi aniqlashtiriladi. Biroq to’g’ridan-to’g’ri universitetga hujjat topshirilganda, faqat bitta universitet tanlanadi.

Dastur bo’yicha tanlov bosqichlari:

Tanlov 3 bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda kandidatlar hujjatlarini Koreya elchixonasi yoki vakolatli Koreya universitetiga topshiradi. Barcha talablarga javob beradigan kandidatlarning hujjatlari Koreya elchixonasi va vakolatli Koreya universitetlari tomonidan Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutga yuboriladi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o’tgan kandidatlar, odatda, aprel oyining boshida e’lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichga o’tgan barcha kandidatlar belgilangan tartibda tibbiy ko’rikdan o’tadi va tibbiy ko’rik natijalarini Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutiga natijalarini yuboradi. Qanday tibbiy tekshirishlardan o’tish kerakligi haqidagi ma’lumot va to’ldirilishi kerak bo’lgan tibbiy ma’lumotnoma nusxasi 2-bosqichga o’tgan kandidatlarning barchasiga yuboriladi. Tibbiy jihatdan nosog’lom bo’lgan kandidatlar dasturning keying bosqichiga o’ta olmaydi.

Uchinchi bosqichda elchixona orqali hujjat topshirgan kandidatlarning hujjatlari ular tanlagan universitetlar tomonidan ko’rib chiqiladi va kandidat tanlagan 3 ta universitetdan biri kandidatni qabul qiladi. To’g’ridan-to’gri universitetga hujjat topshrgan kandidatlar ushbu bosqichda qatnashmaydi (ular tibbiy tekshiruvdan o’tgan zahoti universitetga qabul qilingan hisoblanadi).

Dastur boyicha tanlovning yakuniy natijalari, odatda, 20-iyunda e’lon qilinadi.

Batafsil MANA SHU YERDA tanishishingiz mumkin.