O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste`dod” jamg`armasi “Xalqaro tashkilotlar uchun tarjimonlar tayyorlash” dasturi boshlanganligi to`g`risida ma`lum qiladi.
Dastur quyidagi yo`nalishlardan iborat: yozma va og`zaki, ketma-ket va sinxron tarjima qilish. Dasturga nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadilar. Tanlov davomiy bo`lib, ariza topshirish muddati cheklanmagan.
Guruhlar nomzodlar to`planishiga qarab tashkil etiladi. Dasturda ta`lim olish pullik. Tanlov natijalari bo`yicha eng yuqori ko`rsatgichga ega bo`lgan nomzodlar uchun grantlar ajratish ko`zda tutilgan.
Dastur quyidagi tillar kesimida tashkil qilinadi:
A guruhi: ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, portugal;
B guruhi: arab, fors, hind, urdu;
C guruhi: yapon, koreys, xitoy.
“Xalqaro tashkilotlar uchun tarjimonlar tayyorlash” dasturida 40 yoshgacha bo`lgan O`zbekiston fuqarolari, soxa va mutaxassisliklaridan qat`iy nazar qatnashish uchun ariza topshirishlari mumkin.
Yuqorida qayd etib o`tilgan tillardan birini bilgan, tanlovda ishtirok etish xohishi bo`lgan talabgorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste`dod” jamg`armasining elektron pochtasiga (info@istedod.uz) quyidagi hujjatlarni yuborishlari kerak:
1. Fotosurat, yashash manzili, aloqa telefoni va elektron pochtasi (e-mail) ko`rsatilgan shaxsiy ma`lumotnoma;
2. Diplom nusxasi;
3. Ilmiy daraja va unvonga ega bo`lsa, diplomlarining nusxasi;
4. Til bilish darajasi to`g`risidagi hujjat (mavjud bo`lsa);
Tanlov quyidagi bir necha bosqichda amalga oshiriladi:
– nomzodning chet tilini bilish darajasini aniqlash (xorijiy va o`zbek yoki rus tillarida);
– umumiy fikrlash va dunyoqarash darajasini aniqlash;
– suhbat.
O`quv dasturi mashg`ulotlari kechki vaqt o`tkaziladi. Dastur nazariy va amaliy mashg`ulotlardan iborat bo`ladi.
Batafsil SHU YERDA tanishing.