21 may kuni FondForum va “Osiyo ramzi” O’zbekiston model’yerlari birlashmasi tomonidan Toshkent tekstil va yengil sanoat institutida an’anaviy 4- Xon-atlas festivali tashkil etildi. Festivalning asosiy maqsadi kelajak avlodni milliy qadriyatlarga munosabatini shakllantirish, milliy madaniyat ramzlarini saqlab qolishga va ko’paytirishga harakat qilish hisoblanadi. Festival dasturi o’z ichiga xon-atlas ko’rgazmasi, ilmiy-amaliy seminar va modalar namoyishi qismlarini olgan edi.
Festival davomida milliy matolarimiz bo’lmish xon-atlas, beqasam, adras va turli hunarmandchilik namunalarini bilan tanishish imkoniyati taqdim etildi. Jumladan, tadbirning ilmiy-amaliy seminar qismida xon-atlasning kelib chiqish tarixi va shakllanish bosqichlari, shuningdek,ushbu milliy matoni ishlab chiqarish texnologiyasi va dizayni haqidagi qiziqarli va mazmunli ma’ruzalar o’qib eshittirildi. Festivalning o’ziga xos jihati shunda ediki, tashrif buyurgan har bir mehmon ramziy ravishda xon-atlasdan tikilgan liboslarda edilar. Festival yosh iqtidorli dizaynerlarning xon-atlas matosidan yaratilgan kundalik va oqshom liboslarini mujassamlashtirgan jami 15 kolleksiyasi namoyishi bilan o’z yakuniga yetdi.
Gulhayo Qobilova