Dangasalik juda qo‘rqinchli vaziyat. Ayniqsa hal qiluvchi paytlarda hujum qilib qolsa. Masalan, sessiya payti imtihonlar oldidan.

Eng qizig‘i shundaki, psixologiyada “dangasalik” degan tushuncha umuman yo‘q. Ruhshunoslarning aytishicha, dangasalik motivatsiyaning yo‘qligini bildiradi. Demak, lozim bo‘lgan ishni bajarishga majbur qiladigan, o‘ziga xos va shaxsiy sabab (motiv)ni topish muhim hisoblanadi.

Qiziqish

Sabablar har xil bo‘ladi. Va albatta, bulardan eng samaralisi — qiziqish. O‘zingizni siz uchun qiziqarli va yaqin bo‘lgan fanni o‘rganishga majbur qilish osonroq.

Jazolash va mukofotlash

Har birimiz uchun bolalikdan eng ta’sirli hisoblangan sabablardan biri – jazolanishdan qo‘rqish. Albatta bu siz uchun sabab bo‘lolmaydi. Bunga teskari bo‘lgan sabab – mukofotlash. Har bir yodlangan bo‘lim yoki o‘nta yechilgan masala uchun o‘zingizni xursand qiladigan biron-bir sabab o‘ylab toping.

Aniq reja

Tartib hamma narsada muhimdir. Reja tuzing va bajarilgan bandlarni o‘chirib boring. Har bir o‘chirilgan band sizni yangi jasoratlarga boshlaydi.