Insholar va suratlar tanlovi
Конкурсы Май 27th, 2010 |Nukusda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida oila mavzuidagi insholar va suratlar tanlovi o‘tkazildi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda 50 nafardan ortiq yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Umumta’lim maktablari, o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarning insho va suratlarida milliy mentalitetimizga xos bo‘lgan oilaviy muhit o‘ziga xos tarzda tasvirlangan. Insholar bo‘yicha Beruniy tumanidagi 63-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Lola Mahmudova, Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litsey o‘quvchisi Navbahor Dauyenova, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Go‘zal Qurbonnazarova g‘olib bo‘ldi. Rassomlik yo‘nalishida Nukusdagi 37-iste’dodli bolalar maktabi o‘quvchisi Bibinoz Qaipova, Xo‘jayli tibbiyot kolleji o‘quvchisi Abu Sadixanov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Alauddin Turdiboyev eng yuqori o‘rinni egalladi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
manba:uza.uz
Gulhayo Qobilova
