Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida “Sport kuni”
События, Соревнования Май 25th, 2010 |
Mamlakatimizning nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri – Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida 22 may kuni universitet va litsey miqyosida “Sport kuni” tashkil etildi. “Sport kuni” munosabati bilan universitet va litsey ishchi xodimlaridan iborat 3 jamoa o’zaro bellashdilar.
Tadbir Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining Sport markazida o’tkazildi. Unda jamoalar turli sport o’yinlari orqali o’z kuchlarini sinab ko’rishdi va barcha ishtirokchilar musobaqada qatnashayotganlaridan mamnun edi. Tadbir tashkilotchilarining bildirgan fikrlariga ko’ra, bu kabi sport musobaqalari tadbirlari Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti ma’muriyati xodimlarining o’zaro do’stona munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi va bevosita sog’likka ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki musobaqa ishtirokchilarni yagona maqsad sari hamjihatlik bilan intilish hissini uyg’otadi va o’zaro ahillikni mustahkamlaydi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko’ra, “G’alaba” komandasi TXVUning “Sport kuni” musobaqasi g’olibligini qo’lga kiritdi. Ishtirokchilar universitet rahbariyatining sertifikatlari bilan taqdirlandilar. Tadbir so’ngida barcha ishtirokchilar “Sport kuni” musobaqasini muntazam ravishda o’tkazib borishga kelishib oldilar.
Gulhayo Qobilova
