«Victor-Hugo» nomli Fransuz Madaniyat Markazi
Организации, Ташкилотлар Апрель 30th, 2010 |
O’zbekistonda turli chet tillarni mukammal o’rgatishni maqsad qilgan ko’plab til va madaniyat markazlari faoliyat ko’rsatimoqda. Mana shunday madaniyat o’choqlaridan biri«Victor-Hugo» nomli Fransuz Madaniyat Markazi hisoblanadi. «Victor-Hugo» nomli Fransuz Madaniyat Markazi bir vaqtning o’zida ham Fransiya haqida ma’lumotlar olish, fransuz tilini o’qitish hamda uchrashuv va madaniy aloqalar o’rnatish maskani hisoblanadi.
Mazkur markaz fransuz ma’muriy idoralari va talabalar o’rtasidagi bog’lovchi vositadir, xususan Fransiyada ta’lim olish masalalarida maslahat, ma’lumotlarga ega bo’lish hamda Fransiyada o’qishni istaganlarni baholash joyi hamdir. Fransiyada o’qishni istovchilar uchun va fransuz tilidagi bilimlarini mustahkamlamoqchi bo’lgan talabalarga Fransuz Madaniyat Markazi fransuz tili mashg’ulotlarini taklif qiladi. Mazkur til o’rganish mashg’ulotlarini zamonaviy maxsus metodika sohiblari bo’lgan o’zbekistonlik o’qituvchilar olib borishadi.Bundan tashqari, markazning fransuz tilidagi adabiyotlarga boy bo’lgan kutubxonasi mavjud.Mazkur kutubxona fransuz va rus tilidagi 10000dan ortiq romanlar va ilmiy-ommabop asarlar, 60ga yaqin fransuz gazeta va jurnallarga obuna bo’lib, 200tacha komikslar hamda 100dan ortiq CD, CD-Rom o’lchamdagi fransuzcha qo’shiqlar va qiziqarli dasturlar, 300dan ortiq VHS o’lchamidagi badiiy filmlar va 800tacha hujjatli filmlar, 100dan ortiq DVD o’lchamidagi badiiy filmlardan foydalanish imkonini beradi. Bu markaz o’zbekistonliklar fransuzlar hamda Shveysariya, Jazoir, Belgiyadan bo’lgan frankofonlar bilan muloqot qilish imkonini beradigan yagona joydir.
O’zbekistonliklar tomonidan esa fransuz tilida so’zlashuvni ravonlashtirishga xizmat qiladigan muloqotlarga talab kattaligini e’tirof etish joiz. Markazda oyda ikki marta, shanba kunlari davra stoli tashkil qilingan. Bunda fransuz yoki frankofon o’z faoliyati yoki qiziqishlari haqida so’zlab berishadi. Aynan shu erda haqiqiy fransuz nutqini tinglashingiz va xorijliklarning Toshkentdagi faoliyati haqida tanishishingiz yoki frankofon mamlakatlar borasida ma’lumotlar olishingiz mumkin. Juma kunlari esa, fransuz tilida ravon so’zlashadigan talabalar bir piola choy va shirinlik atrofida frankofonlar maskani bo’lgan « Gyugo kafesi »ga taklif qilinadilar. Bu erga yo’l-yo’lakay Toshkentga qo’nib o’tgan fransuz sayohlari ham tarixiy O’zbekistonga qo’shimcha zamonaviy o’zbekistoliklar madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyuradilar.
Gulhayo Qobilova
