Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg’armasi va O’zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Navqiron O’zbekiston-2010” respublika an’anaviy va zamonaviy san’at festivali g’oliblarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar vakillari, san’atshunoslar, musavvir va haykaltaroshlar, yosh ijodkorlar, ularning ustoz va murabbiylari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning ma’naviy va jismoniy kamol topishiga ko’maklashish, o’g’il-qizlar qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg’ularini shakllantirish, ularni madaniyat va san’at sohasidagi yutuq va yangiliklar bilan tanishtirishning mukammal tizimi yaratilgan. Bu yoshlar iqtidorini ro’yobga chiqarish, iste’dod sohiblarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirishda, faol yoshlar safining tobora kengayishida muhim omil bo’lmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida o’tkaziladigan «Navqiron O’zbekiston» an’anaviy va zamonaviy san’at festivalida ishtirok etayotgan ijodkor yoshlar tasviriy, xalq amaliy san’atida barakali ijod qilib, mamlakatimizda o’tadigan va xalqaro ko’rgazmalarda, san’at anjumanlari, ijodiy festivallar, ko’rik-tanlovlarda muvaffaqiyat qozonmoqda.
“Navqiron O’zbekiston-2010” festivaliga tasviriy, grafika, haykaltaroshlik, dizayn, fotografiya, video-art, installyatsiya, kulolchilik, chinnigarlik, misgarlik, yog’och o’ymakorligi, ganchkorlik, to’qimachilik kabi ko’plab yo’nalishlar bo’yicha ijodiy ishlar tushdi. Nafosat va barkamollik bayramiga aylangan ushbu festival doirasida yoshlar ijodiga bag’ishlangan badiiy ko’rgazmalar, san’atshunos olimlar, taniqli musavvirlar, haykaltaroshlar, usta hunarmandlar ishtirokida mahorat saboqlari, o’quv seminarlari tashkil etildi. Ijodkor yoshlarning ilg’or mualliflik g’oya va loyihalarining taqdimoti bo’lib o’tdi.
Tadbir qatnashchilari istiqlol yillarida poytaxtimizda amalga oshirilgan keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari, navqiron avlod kamoloti va istiqboli, milliy ma’naviyatimiz, san’atimiz va madaniyatimiz ravnaqi yo’lidagi ezgu ishlar bilan tanishdilar, tasviriy san’at galereyalari, ko’rgazma zallari, muzeylarga sayohat qildilar.
– Festivalda milliy kulolchilik bo’yicha ijodiy ishlarim bilan qatnashdim, – deydi Qo’qon davlat pedagogika instituti talabasi Mirzag’olib Akromov. – Ushbu tadbir tengqurlarimning ijodi bilan batafsil tanishish, tasviriy san’atning barcha yo’nalish va janrlaridagi yutuq va yangiliklardan boxabar bo’lish imkonini berdi.
Asosiy nominatsiyalar bo’yicha Saodat Mirdavidova, Nigora Sharafxo’jayeva, Mirzag’olib Akromov, Dilnoza Narzullayeva, Yana Oltinboyeva, Tatyana Fadeeva, G’ayrat Ibrohimov, Kamola Ikromova g’olib deb topildi. G’oliblarga diplom va sovg’alarni “O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg’armasi Vasiylik kengashi raisi G.Karimova topshirdi.

uza.uz